11-bob. Voyaga yetmagan bolalarning shaxsiy nomulkiy huquqlari
65-modda. Bolaning oilada yashash va tarbiyalanish huquqi
Har bir bola oilada yashash va tarbiyalanish, o‘z ota-onasini bilish, ularning g‘amxo‘rligidan foydalanish, ular bilan birga yashash huquqiga ega, bola manfaatlariga zid bo‘lgan holatlar bundan mustasnodir.
Bola o‘z ota-onasi tomonidan tarbiyalanishi, o‘z manfaatlari ta’minlanishi, har taraflama kamol topishi, insoniy qadr-qimmatlari hurmat qilinishi huquqiga ega.
Bolaning ota-onasi bo‘lmaganda yoki ular ota-onalik huquqidan mahrum qilinganda va bola ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan boshqa hollarda uning oilada tarbiyalanish huquqi vasiylik va homiylik organi tomonidan ta’minlanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 13 va 24-moddalari.
66-modda. Bolaning ota-onasi va boshqa qarindoshlari bilan ko‘rishish huquqi
Bola otasi, onasi, bobosi, buvisi, aka-ukalari, opa-singillari va boshqa qarindoshlari bilan ko‘rishish huquqiga ega. Ota-onasining nikohdan ajralishi, nikohning haqiqiy emas deb topilishi yoki ota-onaning boshqa-boshqa yashashi bolaning huquqlariga ta’sir qilmaydi.
Ota va ona alohida yashagan holda bola ularning har biri bilan ko‘rishish huquqiga ega. Ota-ona turli davlatlarda yashagani taqdirda ham bola ular bilan ko‘rishish huquqiga ega.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi Qonuni 31-moddasining beshinchi qismi.
Favqulodda vaziyatlarga tushib qolgan bola (ushlab turish, qamoqqa olish, hibsga olish, davolash muassasasida bo‘lish va boshqa hollarda) o‘z ota-onasi va boshqa qarindoshlari bilan qonunda belgilangan tartibda ko‘rishish huquqiga ega.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi Qonunining 22-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 46-moddasining birinchi qismi, 48-moddasining birinchi qismi, 230, 477-moddalari.
67-modda. Bolaning himoyaga bo‘lgan huquqi
Bola o‘z huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish huquqiga ega.
Bolaning huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uning ota-onasi (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar), ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda esa vasiylik va homiylik organi, prokuror va sud tomonidan amalga oshiriladi.
Voyaga yetmagan bola qonunga muvofiq to‘la muomala layoqatiga ega deb e’tirof etilsa, u o‘z huquq va majburiyatlarini, shu jumladan himoya huquqini mustaqil amalga oshirishga haqlidir.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksining birinchi qism 28-moddasi.
Bola ota-ona (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar) tomonidan qilinadigan suiiste’molliklardan himoyalanish huquqiga ega.
Bolaning huquq va qonuniy manfaatlari buzilganda, shu jumladan, ota-ona (ulardan biri) bolani tarbiyalash va ta’lim berish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmaganda yoxud ota-onalik huquqlarini suiiste’mol qilganda bola o‘z huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini so‘rab, vasiylik va homiylik organiga, o‘n to‘rt yoshga to‘lgandan keyin esa, mustaqil ravishda sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Bolaning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘ilganligidan, uning huquq va qonuniy manfaatlari buzilganligidan xabardor bo‘lgan shaxslar bu haqda bola ayni paytda yashab turgan joydagi vasiylik va homiylik organiga ma’lum qilishi shart. Shunday ma’lumotlarni olgach, vasiylik va homiylik organi bolaning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan zarur choralar ko‘rishi shart.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 11-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 22-sentabrdagi 269-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi nizom.
68-modda. Bolaning o‘z fikrini ifoda etish huquqi
Oldingi tahrirga qarang.
Oilada bolaning manfaatlariga taalluqli har qanday masala hal qilinayotganda bola o‘z fikrini ifoda qilishga, shuningdek har qanday sud muhokamasi yoki ma’muriy muhokama davrida so‘zlashga haqlidir. Bunda qaror qabul qilishga vakolatli bo‘lgan organlar va mansabdor shaxslar bolaning manfaatlariga taalluqli masalalarni hal qilishda bolaning fikrini, uning yoshidan qat’i nazar, ko‘rib chiqishi hamda bolaning eng ustun manfaatlaridan kelib chiqqan holda qarorlar qabul qilishi kerak.
(68-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 10-martdagi O‘RQ-608-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.03.2020-y., 03/20/608/0278-son)
LexUZ sharhi
Masalan, qarang: mazkur Kodeks 70-moddasining to‘rtinchi qismi, 82-moddasining beshinchi qismi, 155-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi Qonuni 29-moddasining to‘rtinchi qismi, 30-moddasining uchinchi qismi, 32-moddasining ikkinchi qismi, 35-moddasining uchinchi qismi, O‘zbekiston Respublikasi “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 15-moddasi.
69-modda. Bolaning ism, ota ismi va familiya olish huquqi
Bola ism, ota ismi va familiya olish huquqiga ega.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 19-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1171-moddasi.
Bolaga ism ota-onaning kelishuviga binoan, ota ismi — otasining ismiga ko‘ra beriladi.
Bolaning familiyasi ota-onaning familiyasiga qarab belgilanadi. Ota-ona turli familiyalarda bo‘lganda ota-onaning kelishuviga binoan bolaga otasining yoki onasining familiyasi beriladi. Ota-onaning xohishiga ko‘ra, bolaga ota yoki ona tomonidan milliy an’analarga ko‘ra boboning ismi bo‘yicha familiya berilishi mumkin. Ota-ona o‘rtasida bolaning ismi va (yoki) familiyasi bo‘yicha kelishuv bo‘lmaganda, kelib chiqqan nizo vasiylik va homiylik organi tomonidan hal etiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 9-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 14-noyabrdagi 387-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish qoidalari”ning 22 — 28-bandlari.
[OKOZ:
1.04.00.00.00 Oila qonunchiligi / 04.07.00.00 Familiya, ism va ota ismini o‘zgartirish]
70-modda. Bolaning ismi va familiyasini o‘zgartirish
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi ota-onaning birgalikdagi arizasiga binoan bola o‘n olti yoshga to‘lguncha bola manfaatlarini e’tiborga olib, uning ismini o‘zgartirishga, shuningdek unga berilgan familiyani ham otasi yoki onasining familiyasiga qarab o‘zgartirishga haqlidir.
Agar ota-ona alohida yashasa va bola bilan birga yashovchi ota (ona) bolaga o‘z familiyasini berishni xohlasa, vasiylik va homiylik organi bu masalani bolaning manfaatlarini va ona (ota)ning fikrini hisobga olgan holda hal qiladi. Ota yoki onaning turgan joyini aniqlash mumkin bo‘lmaganda, ular ota-onalik huquqidan mahrum qilinganda, muomalaga layoqatsiz deb topilganda, shuningdek ota yoki ona bolaga ta’minot berish va uni tarbiyalash majburiyatlarini bajarishdan uzrsiz sabablarga ko‘ra bo‘yin tovlagan hollarda ota yoki onaning fikrini hisobga olish shart emas.
Agar bola o‘zaro nikohda bo‘lmagan shaxslardan tug‘ilgan va otalik qonuniy tartibda belgilanmagan bo‘lsa, vasiylik va homiylik organi bolaning manfaatlarini e’tiborga olib, uning familiyasini onaning murojaat qilgan davridagi familiyasiga almashtirish uchun ruxsat berishga haqli. O‘n yoshga to‘lgan bolaning ismi yoki familiyasini o‘zgartirishga faqat uning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
