1. Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha o‘rnatilgan yangi tartib asosida Xorazm viloyatining tuman va shaharlaridagi mavjud muammo va imkoniyatlar chuqur o‘rganilgan holda, hududlar kesimida muhim loyihalar shakllantirilganligi va mahalliy jamoatchilik ishtirokida keng muhokama qilinganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Xorazm viloyatida 2022 — 2026-yillarda yalpi hududiy mahsulot hajmini 1,4 baravarga, sanoat mahsulotlari hajmini 1,4 baravarga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni 1,1 baravarga, xizmatlar hajmini 3,1 baravarga hamda qurilish ishlari hajmini 1,2 baravarga oshirishni nazarda tutuvchi shahar va tumanlar kesimidagi maqsadli ko‘rsatkichlar parametrlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda:
2022-yil uchun tasdiqlangan maqsadli ko‘rsatkichlar parametrlariga erishish uchun aniq manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
har yili 1-noyabrga qadar kelgusi yillar maqsadli parametrlarini ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni va amalga oshirish “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritib borsin.
3. Hududlarda aholi bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar davomida bildirilgan takliflar va aholini uzoq yillardan buyon qiynab kelayotgan mavjud muammolarni tezkor bartaraf etishga qaratilgan hamda amaliy tadbirlarni o‘z ichiga olgan “yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq ma’qullansin.
Xorazm viloyati hokimligi, vazirlik, idora, xo‘jalik birlashmalari va tijorat banklari rahbarlariga “yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosini ta’minlash yuzasidan shaxsiy mas’uliyat yuklansin.
4. Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi (S. Umurzakov)ning Xorazm viloyati shahar va tumanlarining ixtisoslashuvi, “o‘sish nuqtalari” va “drayver sohalari”ni 3-ilovaga muvofiq belgilash hamda sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarining yig‘ma parametrlarini 4-ilovaga muvofiq tasdiqlash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
Hukumat komissiyasi (S. Umurzakov) Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxatini tasdiqlasin hamda loyihalarni amalga oshirish yuzasidan olib borilayotgan ishlarni har oyda muhokama qilib borsin.
5. 2022-yilda Xorazm viloyatida muhandislik-kommunikatsiya, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish hamda ijtimoiy soha obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash bo‘yicha kompleks tadbirlar 5 va 6-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va Moliya vazirligi ushbu qaror doirasida respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘lar o‘z vaqtida ajratib borilishini ta’minlasin.
Xorazm viloyati hokimligi mahalliy budjet mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladigan loyihalarni belgilangan muddatlarda moliyalashtirsin.
6. Xorazm viloyat hokimligining takliflariga asosan viloyatning shahar va tumanlarida ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha shakllantirilgan istiqbolli loyihalarning manzilli ro‘yxati 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi joriy yilda 7-ilovaga kiritilgan obyektlarning loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun zarur mablag‘larni 2022-yilgi ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida kelgusi yil loyiha-qidiruv ishlari uchun nazarda tutilgan mablag‘lar hisobidan moliyalashtirsin hamda 2023-yilga mo‘ljallangan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritsin.
7. Xorazm viloyati hokimligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, tegishli davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar va loyiha tashabbuskorlari bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur qarorda nazarda tutilayotgan loyihalar (keyingi o‘rinlarda — Dastur)ni amalga oshirishning barcha bosqichlari, shu jumladan loyihalarni foydalanishga topshirishning aniq muddatlari ko‘rsatilgan tarmoq jadvallari ishlab chiqilishini ta’minlasin.
8. Shunday nazorat tartibi o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:
har oyda shahar va tumanlar sektor rahbarlari xalq deputatlari kengashlarida Dastur ijrosi yuzasidan hisobot berib boradi;
har oy yakuni bilan Xorazm viloyati hokimi xalq deputatlari viloyat kengashida Dastur parametrlari va ko‘rsatkichlari ijrosi hamda erishilgan natijalarni muhokama qiladi;
har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari tegishli vazirlik, idoralar, xo‘jalik birlashmalari va tijorat banklari ishtirokida joyiga chiqqan holda, o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha Dasturdagi vazifalarning bajarilishi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazadi va zarur tadbirlarni belgilaydi;
har chorak yakuni bilan Dastur ijrosi Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida ko‘rib chiqiladi.
amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga har chorak yakuni bo‘yicha axborot kiritib boriladi.
9. Qurilish vazirligi Dastur doirasida ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlarini qurish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarining belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini va qurilish-montaj ishlari sifatli bajarilishi ustidan tizimli davlat nazorati amalga oshirilishini ta’minlasin.
10. Davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari va Xorazm viloyati hokimligi o‘n kun muddatda mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlar hamda loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli ijrosini ta’minlash yuzasidan aniq harakatlar rejalarini puxta ishlab chiqib, kollegial organlar va xalq deputatlari viloyat Kengashi majlislarida tasdiqlanishini ta’minlasinlar.
Bosh vazir o‘rinbosarlari va maslahatchilari mazkur harakatlar rejalarida belgilangan tadbirlarni so‘zsiz va har tomonlama to‘liq amalga oshirilishi ustidan samarali nazorat tizimini o‘rnatsin.
11. Quyidagilarga:
Xorazm viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — iqtisodiy o‘sish ta’minlanishi, kambag‘allik qisqartirilishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi, tadbirkorlik rivojlantirilishi, soliq va budjet tushumlari oshirilishi yuzasidan;
Xorazm viloyati hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — muhandislik-kommunikatsiya va yo‘l infratuzilmasi obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta’mirlash tadbirlarini hamda Dastur doirasida amalga oshiriladigan qurilish-montaj ishlari o‘z vaqtida sifatli amalga oshirilishi yuzasidan;
Xorazm viloyati hokimining o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i — investitsiya muhiti yaxshilanishi, investorlar hamda investitsiyalar, ayniqsa, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar keng jalb etilishi hamda eksport salohiyati oshirilishi, kichik sanoat zonalari rivojlantirilishi yuzasidan;
Xorazm viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanilishi, foydalanishdan chiqib ketgan yerlarning o‘zlashtirilishi, meva-sabzavotchilik, chorvachilik hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish rivojlantirilishi yuzasidan;
Xorazm viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari — ijtimoiy soha obyektlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlanishi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport sohalarida aholiga sifatli xizmat ko‘rsatilishi, yoshlarning bo‘sh vaqtlari mazmunli o‘tkazilishi, hududlardagi yoshlar yetakchilari bilan tizimli ishlar tashkil etilishi yuzasidan;
Xorazm viloyati hokimining o‘rinbosari — oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i — xotin-qizlarning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalari oshirilishi, ularning munosib kasb tanlashiga sharoit yaratilishi, gender tenglik ta’minlanishi, xotin-qizlarning turmush va mehnat sharoitlarini yanada yaxshilash ishlarining tashkil etilishi yuzasidan;
Xorazm viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — turizm jadal rivojlantirilishi, hududning turistik salohiyatidan samarali foydalanilishi, turizm infratuzilmasi yaxshilanishi, ichki va ziyorat turizmi rivojlantirilishi, yangi turizm mahsulotlari yaratilishi yuzasidan shaxsiy mas’uliyat yuklansin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari A.J. Ramatov, J.A. Qo‘chqorov, S.U. Umurzakov, Sh.M. G‘aniyev, A.A. Abduxakimov, Z.B. Mahkamova hamda Xorazm viloyati hokimi F.U. Ermanov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV