Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy sohalar, mahallalarda olib borilayotgan ishlar borasida, yangi ob’ekt va loyihalarni ishga tushirish uchun Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo tumaniga tashrif buyuradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻistondan Xorazm viloyatiga ketayotib, dastlab Amudaryoda qurilayotgan koʻprikni koʻzdan kechirdi. Davlatimiz rahbari ushbu koʻprik loyihasi bilan oʻtgan yili dekabrda Xorazmga tashrifi chogʻida tanishgan, koʻp oʻtmay uning qurilishi boshlangan edi. Bugungi kunda qirgʻoqlar temir-beton bilan mustahkamlanib, koʻprikning tayanch ustunlari qurilmoqda.
Loyihaning qiymati 174 million dollar boʻlib, uning evaziga 80 kilometrlik temir yoʻl va Amudaryo ustida 413 metr uzunlikdagi koʻprik barpo etiladi.
Prezidentimiz qurilish ishlarining borishini koʻzdan kechirdi.
- Bu odamlar uzoq yillar kutgan loyiha. Endi yanada koʻp yillar xalqimizga xizmat qilishi kerak. Shuning uchun birinchi oʻrinda sifat. Ajratilgan mablagʻ kichkina emas. Tajribali mutaxassislarni jalb etib, har bir jihatni oʻylab, elimga, yurtimga deb qurish kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu infratuzilmalarning samaradorligi juda yuqori. Masalan, Xorazm viloyati bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi oʻrtasidagi temir yoʻl masofasi 240 kilometrga, vaqti esa 6 soatga qisqaradi. Mahalliy yuk tashish hajmi yiliga 12 million tonnadan 25 million tonnaga oshadi. Shuningdek, xalqaro tranzitlar uchun ham qulaylik kengayadi. Avtomobillar harakati yaxshilanib, aholining uzogʻi yaqin boʻladi.Davlatimiz rahbari Urganch shahrida viloyatni rivojlantirish bo‘yicha yaqin istiqbolga mo‘ljallangan vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazishi ham rejalashtirilgan...